🎭 “QUYOSHGA QO‘L CHO‘ZGAN ODAM”
28 Sep, 2026 - 11:45
27
1-oktabr — Ustoz va murabbiylar kuni
📅 28-sentabr kuni Buxoro viloyati musiqali drama teatrida 1-oktabr — Ustoz va murabbiylar kuni arafasida taniqli yozuvchi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Qo‘chqor Norqobil qalamiga mansub “Quyoshga qo‘l cho‘zgan odam” asarining premyerasi bo‘lib o‘tdi.
✨ Yosh rejissyor Orziqul Primov tomonidan sahnalashtirilgan spektaklni 700 nafardan ortiq tomoshabin katta qiziqish bilan kuzatdi.
Spektakl mashhur Qorako‘l matematika maktabi asoschisi, fidoyi pedagog To‘xtamurod Jumayevning hayot yo‘li, o‘z maqsadi sari intilishi, byurokratik to‘siqlar va turli qarshiliklarni yengib, maktab tashkil etish yo‘lidagi mashaqqatli kurashi haqida hikoya qiladi.
🌟 Buyuk ustozning hayoti va faoliyati bugungi yosh avlod uchun chinakam ibrat maktabidir.
Bosh qahramon obrazini teatrning oliy toifali drama artisti, “Shuhrat” medali sohibi Anvar Mavlonov mahorat bilan ijro etdi.
Shuningdek, teatrning mohir aktyorlari Jamila Shodmonova, Shodi Subhonov, Baxtiyor Pirmatov, Mashhura Karimova, Faxriddin Shomurodov, Bahrom Boltayev, Islombek Islamov, Hamid Islamov, Amir G‘afforov va Nurillo Cho‘liyevlar turli obrazlarni yuqori mahorat bilan gavdalantirdilar.
👏 Premyera yakunida tomoshabinlar ijodkorlar bilan samimiy muloqot qilib, o‘zlarining iliq tilaklarini bildirdilar hamda ijodiy jamoaga gul dastalarini taqdim etdilar.
“Quyoshga qo‘l cho‘zgan odam” — ustozga ehtirom, fidoyilik va maqsad sari intilish haqidagi ta’sirchan sahna asari.