“Ko‘hna va boqiy Buxoro” majmuasida “Navro‘zni ulug‘lash - insonni ulug‘lashdir!”
21 Mar, 2026 - 11:07
24
Navro‘z_sayli
“Ko‘hna va boqiy Buxoro” majmuasida “Navro‘zni ulug‘lash - insonni ulug‘lashdir!” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Xalq sayli tarzida o‘tkazilgan bayramda ta’lim muassasalari, mahallalar, yoshlar jamoalari, milliy madaniy markazlar tomonidan milliy taomlar, urf-odat va an’analarimizni o‘zida mujassam etgan kompozitsiyalar namoyish qilindi.
Shuningdek, sayil doirasida qadriyatlarimizni tarannum etuvchi o‘zbekona milliy o‘yinlar, qo‘shiq va laparlar ijro etildi.
Asosiy bayram tantanalari esa muhtasham amfiteatrda o‘tkazildi. Unda barcha shahar va tumanlardan kelgan jamoatchilik vakillari, milliy madaniy markazlar, korxona va tashkilotlar, muassasa va mahallalar mas’ullari, xalq xo‘jaligi tarmoqlarida beminnat xizmati bilan hurmat-e’tibor qozongan fidoyilar, mehnat faxriylari va albatta, har sohada yetakchilik iqtidorini namoyon etayotgan yoshlar vakillari, qolaversa, qadim yurtimizga tashrif buyurgan sayyohlarni ko‘rish mumkin edi.
Tadbirda so‘z olgan Buxoro hokimi Botir Zaripov yig‘ilganlarni yasharish va yangilanish ayyomi bilan samimiy muborakbod etdi.
Tantanali tadbir viloyatimiz badiiy jamoalari, yosh ijrochilar hamda respublikamiz san’at ustalari tomonidan tayyorlangan, teatrlashtirilgan konsert dasturi bilan yanada fayzli kechdi.