Botir Zaripov viloyatimizdagi milliy madaniy markazlar rahbarlari bilan muloqot qildi
01 May, 2025 - 17:30
33
Botir Zaripov viloyatimizdagi milliy madaniy markazlar rahbarlari bilan muloqot qildi
Insonparvarlik tamoyillariga asoslangan jamiyatimizda millatlararo totuvlik muhitini mustahkamlash va milliy madaniy markazlar faoliyatini muvofiqlashtirishga doir olib borilayotgan izchil saʼy-harakat samarasi oʻlaroq, bugun viloyat hokimi Botir Zaripov viloyatdagi milliy madaniy markazlari rahbarlari bilan uchrashib, ularga zarur shart-sharoitni yaratish, moddiy-texnik imkoniyatlarini yaxshilash borasida muloqot qildi.
Maʼlumotlarga nazar solsak, ayni kunda viloyatda 12 ta milliy-madaniy markazlar faoliyat yuritmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-maydagi “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, 2021-yilda Buxoro shahri, Ibrohim Moʻminov koʻchasi, 30-uyda Nodavlat- notijorat tashkilotlari “Doʻstlik uyi” tashkil etilgan.
Mazkur binoda milliy-madaniy markazlar uchun alohida xonalar ajratilib, zarur kompyuter jamlanmasi, axborot texnologiyalari, qattiq va yumshoq mebel bilan taʼminlangan. Hozirda bu maskanda 10 ta milliy madaniy markazi hamda 4 ta nodavlat-notijorat tashkiloti faoliyat yuritmoqda.
Shuningdek, millatlararo totuvlik, diniy bagʻrikenglik mavzularida viloyat televideniyesida har haftada bir marotaba “Oltin silsila”, tojik tilida “Poyomi roʻz”, rus tilida “Nedelya” koʻrsatuvlari efirga uzatib kelinmoqda. Xalq deputatlari viloyat Kengashi muassisligida “Buxarskiy vestnik” gazetasi rus tilida haftada ikki marotaba chop etilmoqda. Milliy-madaniy markazlar tomonidan viloyatda istiqomat qilayotgan turli millatlarning urf-odatlari, qadriyatlari, kiyimlari hamda milliy taomlarini aks ettiruvchi “Sabantoʻy”, “Maslenitsa”, “Xalqlar doʻstligi kuni”, “Bagʻrikenglik haftaligi” kabi bayram tadbirlari oʻtkazib kelinmoqda.
Viloyat hokimi bilan samimiy kechgan muloqotda Turkman madaniyat markazi viloyat boʻlimi rahbari Olim Rahmatov, “Oʻzbekiston-koreys madaniy markazlari” assotsiatsiyasi viloyat hududiy boʻlinmasi raisi Rodion Li, “Soglasiye i meloserdiye” rus milliy-madaniy markazi raisi Natalya Chopanashvili, “Svetlitsa Polska” Oʻzbekiston-“Polyak” madaniy markazi viloyat boʻlinmasi raisi Nadejda Monich, viloyat totor-boshqird milliy madaniy markazi raisi Ravil Zabirov, “Viyedergeburt” Oʻzbekiston “Nemis” madaniy markazi viloyat hududiy boʻlinmasi raisi Lubat Shtirsinbexer, Oʻzbekiston “Turk” milliy madaniy markazi viloyat boʻlimi raisi Juma Shukurov, viloyat "Oftobi Soʻgʻdiyon" tojik-fors milliy-madaniy markazi raisi Rauf Avezov, Ozarbayjon milliy-madaniyat markazi viloyat filiali rahbari Maral Mamedovalar murojaatlari tinglandi.
Muloqotda viloyat hokimi Botir Zaripov tomonidan milliy madaniy markazlar moddiy-texnik imkoniyatlarini yaxshilash, markazlar aʼzolariga zarur ijtimoiy-tibbiy, maʼnaviy-moddiy yordam berish chora-tadbirlarini koʻrish yuzasidan masʼullarga tavsiya va topshiriqlar berildi.