Nomoddiy madaniy merosning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblangan folklor san’atini targ‘ib etish maqsadida Buxoro shahar madaniyat bo‘limi huzurida faoliyat yuritib kelayotgan “Shiru-shakar” xalq folklor jamoasi rahbari Mashhura Qodirova xonadonida Germaniyadan tashrif buyurgan bir guruh sayohatchilar uchun milliy marosimlar namoyishi tashkil etildi.
Tadbir davomida Buxoroga xos udum va an’analardan — “Beshik to‘yi” hamda “Kelin salom” marosimlari sahnalashtirilib, o‘zbek xalqining asrlar davomida shakllangan urf-odatlari keng yoritildi. Shu bilan birga, folklor yo‘nalishiga xos rang-barang namunalar ijro etildi.
Mehmonlar milliy taomlardan bahramand bo‘lib, o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi va madaniy merosi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Tadbir so‘ngida esa folklor yo‘nalishining tarixi, uning avloddan-avlodga o‘tishi va bugungi kundagi ahamiyati haqida ma’lumotlar berildi.